Italiyaning eng dahshatli derbisida Shomurodov yana qahramon bo‘loladimi?

Eldor Shomurodovni Italiya futbol jamoatchiligiga tanishtirgan o‘yin aynan “Sampdoriya” va “Jenoa” derbisi edi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning noyabr oyida Italiya kubogi doirasidagi bahsga mezbonlik qilgan “Sampdoriya” hisobni ochgan bo‘lsa-da, 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan. O‘shanda, Eldor Shomurodov butun maydonni bosib o‘tib, Janluka Skamakkani qulay pozitsiyaga olib chiqqan va o‘zbek futbolchisining mehnati ortidan urilgan aynan mana shu gol uchrashuvda burilish yasagan edi.

Bugun “Jenoa” Genuya derbisiga mezbonlik qiladi. Aslida “Luiji Ferraris” stadioni har ikki jamoa uchun uy o‘yinlarini o‘tkazadigan maydon hisoblanadi. Italiyada bu jamoalarning o‘zaro bahsini “Fonar derbisi” deb atashadi.

Chunki, Genuyaning asosiy ramzi portdagi  Lanterna di Genova mayog‘idir. “Lanterna” so‘zi italyanchada mayoq, fonar ma’nolarini beradi.  Bu shahar markazidagi va chekkasidan kelgan futbolchiyu muxlislarning o‘zaro raqobati. Ular bir-biriga ashaddiy raqib.

Mamlakatning  eng yoshi katta jamoasi hisoblangan “Jenoa” tarafdorlari Italiya futboli paydo bo‘lgan dastlabki davrlarda klub gegemonlik o‘rnatgani va chempionlik borasida “Sampdoriya”dan o‘zib ketgani bilan faxrlanadi. Ma’lumki,  “Jenoa” 1893 yili tashkil etilgan va 1924 yilgacha to‘qqiz marta chempion bo‘lgan. 1937 yilda Italiya kubogi qo‘lga kiritgan.

“Sampdoriya” ancha kech – ikkinchi jahon urushidan keyin, 1946 yilda tuzilgan. Bir marta – 1991 yilda chempion bo‘lgan. “Sampdoriya” muxlislari jamoa 1990 yilda Evropa kubok egalari kubogini Genuyaga olib kelgani bilan faxrlanadi. Ular “Jenoa” xalqaro maydonda birorta sovrinni qo‘lga kirita olmaganini pesh qilib, raqib fanatlarini izza qiladi.

Bu jamoalar to‘qnashuvining “Fonar derbisi” deb nomlanishi “Jenoa” muxlislarining dastlabki uchrashuvlardan keyin klub bayrog‘ini mayoqqa osib qo‘yganiga borib taqaladi. O‘shanda mayoq nazoratchisi va qorovuli ham “Jenoa” muxlisi bo‘lgani uchun bunga qarshilik qilmagan. Keyinchalik “Sampdoriya” ishqibozlari ham shu ishni takrorlashni odatga aylantirgan. O‘yinga tusholmagan muxlislar natijani shu bayroqqa qarab bilib olgan.

Bir so‘z bilan aytganda, derbining ahamiyati hech qachon past bo‘lmagan. Joriy mavsum ham bundan mustasno emas. Ayni paytda jamoalar musobaqa jadvalida bir-biriga juda yaqin joylashgan. Oradagi farq to‘rt ochkoni tashkil qilmoqda.

“Sampdoriya” 24 ta uchrashuvdan so‘ng, 30 ochko bilan 10-pog‘onada bormoqda, Shomurodov jamoasi esa shuncha o‘yinda 26 jamg‘arib, 13-o‘rinda qayd etilgan. Birinchi davra o‘yinida mezbon vazifasini “Sampdoriya” bajargan va o‘yin 1:1 hisobida durang bilan yakunlangan.

Umumiy hisobdagi ustunlik ham “Sampdoriya” tomonida. Tomonlar shu kunga qadar 98 marta kuch sinashgan. Shulardan 26 tasi bu galgi mezbonlar foydasiga hal bo‘lgan, 33 ta uchrashuvda durang qayd etilgan va “Sampdoriya” 39 marta zafar quchgan. To‘plar nisbati ham shunga yarasha – 103:119.

“Fonar derbisi”ga oid qiziqarli faktlar ham bor:

1.“Jenoa” barcha sovrinlarini “Sampdoriya” tashkil etilgunicha qo‘lga kiritgan.

2.Har ikki jamoa uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadionga “Jenoa”ning afsonaviy sardori Luiji Ferraris nomi berilgan.

3.Uyushgan muxlislarga berilgan “ultras” terminini aynan “Jenoa” ishqibozlari o‘ylab topgan.

4.“Fonar derbisi”da faqat bir marta xet-trik qayd etilgan. “Jenoa”da porlagan argentinalik Diego Milito raqib darvozasini uch marta ishg‘ol qilgan.

Xullas, Italiya futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan derbida biz Eldor Shomurodovdan yana bir qahramonlik kutyapmiz.

Uchrashuv Toshkent vaqti bilan tungi soat 00:45 da boshlanadi.

O’xshash yangiliklar

5 1 vote
Рейтинг статьи
Subscribe
Notify of
0 комментариев
Inline Feedbacks
View all comments