“Spartak”ga alam qilsin! O‘runov nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘ydi

O‘tgan yili “Ufa” tarkibidagi mazmunli va kreativ o‘yinlari bilan Rossiya premer-ligasining grand klublari e’tiborini tortgan Oston O‘runov “Spartak”ning o‘sha paytdagi  bosh direktori Shamil Gazizov undovi bilan moskvaliklar tarkibiga qo‘shilgan edi.

To‘g‘risi, “Spartak”da o‘zbekistonlik futbolchiga etarlicha imkoniyat berilmadi. Oston premer-ligada “Zenit”ga, Rossiya kubogida “Rodina” qarshi uchrashuvlarda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Piterliklar bilan bo‘lgan o‘yinda nafaqat o‘zbek futbolchisi, butun boshli “Spartak” hech narsa qila olmagan edi. “Rodina” bilan bo‘lgan bahsda O‘runov o‘z usulida bir necha himoyachini aldab o‘tib, supergol urdi va uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchilaridan bo‘ldi.  

Qolgan bahslarda Domeniko Tedesko hamyurtimizni bir necha daqiqaga maydonga tushirdi xolos. Garchi germaniyalik murabbiy o‘zbek futbolchisining yoshligini inobatga olib, unga etarlicha va qt va o‘yin amaliyoti berishga tayyorligini bir necha marotaba ta’kidlagan bo‘lsa-da, amalda unday bo‘lmadi.

Oston “Spartak” dagi uchrashuvlarda o‘z o‘yinini namoyish qilish tugul, yugurib terlashga ham etarli vaqtga ega bo‘lmadi. 20 yoshli yarim himoyachimizning “Spartak”dagi yarim mavsumlik faoliyati tanqidlar va Sergey Yuran tomonidan bildirilgan tuhmatlar ostida o‘tdi.

Nihoyat, Oston O‘runov yana “Ufa”ga qaytdi. Ufaliklar o‘zbek futbolchisining transferini keyinchalik sotib olish huquqi bilan mavsum oxirigacha ijaraga oldi. “Ufa” bosh murabbiyi Rashid Rahimov o‘zbekistonlik futbolchi “Spartak”dagi faoliyatidan keyin sobiq jamoasi o‘yiniga qayta moslashishi kerakligini ta’kidlagandi.

Biroq, premer-liga doirasida “Ximki”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda Oston hamon ancha yaxshi o‘ynay olishini ko‘rsatdi. Hujumkor yarim himoyachi pozitsiyasida erkin harakatlangan  hamyurtimiz aniq pas uzatish va raqibni aldab o‘tishda “Ufa” o‘yinchilari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi.

Rossiya kubogining nimchorak finalida “Ural”ga qarshi bahsda Oston O‘runov yana yuqori darajada o‘ynay olishini isbotlab qo‘ydi. Ilk daqiqalardan maydonga tushgan legionerimiz  ikkinchi bo‘limda golli pas uzatib, g‘alabaga zamin yaratdi. To‘pni ikki himoyachidan mohirona o‘tkaza olgan Oston Timur Jamoliddinovni golli pozitsiyaga olib chiqdi.

62-daqiqada “Ufa” penalti tepadigan bo‘ldi. Bunda ham Ostonning xizmati bor. Penaltiga olib kelgan hujum davomida ufaliklar uch bor burchak to‘pini tepdi. Shulardan ikkitasini o‘zbek futbolchisi ishladi.

Yana bir vaziyatda Oston O‘runov raqib jarima maydonchasi yaqinida to‘rtta raqibni aldab, darvozaga xavf soldi, biroq zarba noaniq ketdi. Ikkinchi holatda uning aniq zarbasini raqiblar bartaraf etdi.

Ushbu uchrashuvda 3:0 hisobida zafar quchgan ufaliklar Rossiya kubogining chorak finaliga yo‘llanma olgan Moskvaning  “Lokomotiv”, “Dinamo”, TsSKA,  Sochining “Sochi”,  tulaning “Arsenal”, Grozniyning “Axmat” va Milliy futbol ligasining yagona vakili – Samaraning “Krilya Sovetov” jamoalari qatoriga qo‘shildi.

O’xshash yangiliklar

0 0 votes
Рейтинг статьи
Subscribe
Notify of
0 комментариев
Inline Feedbacks
View all comments