Shomurodov asosiy hujumchi bo‘lishi kerak!

Italiyaning tarixiy shahri Genuya aholisi bugun ikkiga bo‘linadi. “Fonar derbisi”da Genuyaning markaziy qismida istiqomat qilayotgan odamlar uchrashuv mezboni “Jenoa”ga, shahar atrofidagilar esa “Sampdoriya”ga mezbonlik qiladi.

Har ikki jamoa ham uy uchrashuvlari bitta maydon – “Luiji Ferraris” stadionida o‘tkazishi bois, mezbon-mehmon atamasi juda nisbiydir. Tomonlar to‘qnashuvida maydon u qadar jiddiy rol o‘ynamaydi.

O‘tgan turda musobaqa peshqadami “Inter” maydonidan qaqshatqich zarba eb qaytgan “Jenoa”ning muxlislari bu gal futbolchilardan faqat g‘alaba kutmoqda. “Sampdoriya” ham avvalgi turda o‘z maydonida “Atalanta”ga yutqazgani bois, tiffozilari oldida yuzini yorug‘ qilish uchun uch ochkoga  o‘ynaydi.

Bugungi muhim uchrashuv oldidan “Jenoa” muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda jamoa o‘yini, xususan, Eldor Shomurodov borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

An’anaga ko‘ra, futbol ishqibozlarining Eldor haqidagi munosabatlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Luca Esposito:

“Inter”ga qarshi o‘yinda janob murabbiy boshlang‘ich tarkibda nega Janluka Skamakkani tushirganini hali ham tushunganim yo‘q. Futbol o‘ynashni unutib qo‘ygani ko‘rinib turibdi-ku. Qolaversa, jamoada Mattio Destro va Eldor Shomurodov kabi avvalgi o‘yinlarda gol urgan zo‘r hujumchilar, “Napoli” darvozasini ikki bor ishg‘ol qilgan Goran Pandev borligida Skamakkaga ishonch bildirilishi o‘zini oqlamadi.

Massimiliano Caserta:

Men Ballardinini tushunmayapman. Biz uchrashuvda mag‘lubiyatdan qutilib qolishimiz mumkin bo‘lgan pallada o‘yinga Eldor Shomurodov bilan birga Goran Pandevni tushirdi va Destroni zaxirada ushlab turdi. Oqibatda, raqib darvozasi daxlsiz qoldi.

Giuseppe De Gregorio:

Shomurodovning an’anaviy muammosi – zo‘r o‘yindan keyin bir nechtasida yaxshi o‘ynay olmasligida. Avvalgi turda gol urdi va keyin uchrashuvda hech narsa qila olmadi.

Marco Amitrano: (Giuseppe De Gregorio fikriga javoban)

Siz adolat qilmayapsiz. “Inter”ga qarshi o‘yinda butun jamoa o‘ynay olmadi, faqatgina “el uzbeko” emas. Bir futbolchini ayblashdan hech qanday foyda yo‘q.

Salva Bartolo:

Himoya chizig‘i juda yomon o‘ynadi. Lekin hujumchilardan ham mas’uliyatni soqit qilib bo‘lmaydi. Skamakka umuman ishonchni oqlamadi, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan  Shomurodov va Pandev ham o‘zini ko‘rsata olmadi.

Peppe De Rosa:

O‘tgan o‘yinda Skamakkaning asosiy tarkibda o‘ynagani xato ekani aniq ko‘rindi. Shomurodov esa gol urib, foyda keltiryapti, lekin Janluka gavdasiga qaramay, maydonda hech narsa qilayotgani yo‘q.

Alfonsa Malatesta:

Eldor bo‘sh o‘ynayapti. Men undan “Verona”ga ham ko‘proq gol urishini kutgandim.

Antonio Crispino: (Alfonsa Malatestaga javob)

Shomurodovga o‘zini ko‘rsatish uchun ko‘proq vaqt berish kerak. “Verona”ga qarshi uchrashuvda Eldor bir bo‘lim o‘ynagan bo‘lsa, “Inter”ga qarshi bahsda 28 daqiqaga maydonga tushdi.

O’xshash yangiliklar

0 0 votes
Рейтинг статьи
Subscribe
Notify of
0 комментариев
Inline Feedbacks
View all comments